Amazon'dan Offer Oldim

01 August, 2022

Amazon'dan Offer Oldim


Kuni kecha Amazon kompaniyasidan SDE II uchun ishga taklif oldim. Ushbu maqolada suhbat va tayyorgarlik jarayoni bilan bo'lishaman.

Quyida men Linkedin rekruterdan olgan ilk xabarni ko'rishingiz mumkin.

Bosqich #1: Online Assesment

Rekruter uyga vazifa qilib hackerrank.com dan 2ta masala yubordi. Ikkisini ham yecha oldim. So'ng, keyingi bosqich – injiner bilan texnik suhbatga taklif oldim.

Bosqich #2: Texnik Suhbat

Bu bosqich boshqa FAANG intervyularimdan biroz farq qildi. Boshida 20-25 daqiqa o'tmishdagi tajribalarim va ishda bo'lgan vaziyatlar haqida to'xtaldik. Jamoamda kimnidir ishontirishim kerak bo'lgan vaziyat haqida gapirib berishni so'radi.

Savollarga "STAR" freymvorkidan foydalanib javob berib o'tdim:

  1. "Situation" - vaziyat qanday edi?
  2. "Task" - qanday vazifa berilgan edi?
  3. "Action" - qanday amal, ish bajardim?
  4. "Result" - qanday natijaga erishdim?

Keyin esa algoritmik savolga o'tdik. Omadni qarang: o'zim Super Dispatchda kandidatlardan ko'p so'raydigan savol tushdi. Bir emas, ikki emas, uchta optimal yechim berdim. Kodni yozib, test qilib, yana qanday qilib rivojlantirish mumkinligi haqida aytib o'tdim.

Texnik Suhbat Natijasi

Shu kunni o'zidayoq javob oldim. Javobdagi "but" degan joyini o'qib, kichik yurak hurujini o'tkazdim. Odatda, "but" yoki "unfortunately" so'zlari rad javobidan darak beradi. Lekin bu safar emas!

Emailda, SDE II - ya'ni yuqoriroq pozitsiyaga mos kelishimni aytib o'tibdi.

Asosiy Bosqichga Tayyorlanish

Meta va Bloomberg internshiplarini olishda algoritmlar bo'yicha bilimlar yordam bergan bo'lsa, endi Amazon full-time ish uchun "System Design" va "Behavioural" bilimlarimni kuchaytirishim kerak bo'ldi.

Ilgari Bloomberg uchun system design bo'yicha tayyorlangan edim, bilimlarni takrorlab, yana shu ikki kitobni qayta o'qishni boshladim. Mashhur aka qimmatli vaqtlarini ayamay system design bo'yicha foydali mok intervyu tashkillashtirib berdilar.

Behavioural intervyu uchun esa, ishda ilgari bajargan, maqtansa bo'ladigan vazifalar ro'yhatini tuzishni boshladim. Bunda Super Dispatchdagi hamkasbim Khamidulla aka ko'p yordam berdilar. Ro'yhatni rasmda ko'rishingiz mumkin.

Bosqich #3: Onsayt, Ketma-Ket Suhbatlar

Intervyudan bir kun oldin NDA (non-disclosure agreement) shartnoma yuborishdi, imzoladim. Shartnoma shartiga ko'ra, intervyu jarayonidagi detallarga haqida to'xtala olmayman.

Katta intervyu kuni yetib keldi, birin-ketin 4ta intervyu bo'lib o'tdi: 2ta dasturlash, 1ta OOP dizayn va 1ta sistem dizayn. Har bir boshida suhbat Amazon liderlik prinsiplari bo'yicha gaplashdik, ish faoliyatimdan misollar keltirdim. Erkin suhbatlashdik – hayajon bo'lmadi. Har bir suhbat oluvchi bilan ijobiy muomalada bo'lib, suhbat so'ngida ajratgan vaqtlari va so'ragan savollari uchun rahmat aytib yakunladim (qo'shimcha maqola).

3 kundan so'ng rekruter aloqaga chiqib natija ijobiy ekanligi aytdi. Tanlash uchun ikki jamoa borligi va loyihalar haqida menejerlari bilan gaplashib olish imkoniyatim borligi haqida aytib o'tdi.

So'ngi Bosqich #4: Jamoa Tanlash

Amazonni boshqa FAANG kompaniyalaridan ajratib turadigan taraflaridan biri – oldindan jamoani bilib ishga topshirasiz.

Men ilk bor "SDE I, Alexa AI - Analytics" pozitsiyasiga topshirgan edim, darajam "SDE II"ga oshirilgandan so'ng, ikki jamoadan biriga qo'shilish imkoniyati paydo bo'ldi. Machine Learning texnologiyalari bilan ishlash imkoniyati bo'lganligi uchun "Alexa AI - Natural Understanding" jamoasi ko'proq yoqdi. Ular bilan davom etishimni aytdim.

Xulosa

Bundan bir yil oldin meni buncha imkoniyatlar kutib turganligini hayolimga ham keltira olmasdim - Facebook, Bloomberg va endi Amazon. Imkoniyatlar eshik qoqib kelaveradi, siz ularga tayyor turishingiz kerak ekan.

Bollar, biz yutdik!