Facebook'dan Offer Oldim

01 November, 2021

Facebook'dan Offer Oldim


Bundan roppa rosa 1 yil oldin Facebookdan rad javobini olgan edim. Rad javobini olish aslida jarayonning bir bo'lagi ekanligini bilib, tayyorlanishda va ko'proq imkoniyatlarga topshirishda davom etdim. O'tgan yili yozgan "Yozgi Internship" haqidagi maqolamni ham o'qishni maslahat beraman, u yerda internship topish va topshirish jarayoni haqida batafsil yozganman.

Kuni kecha esa Facebookdan yozda Londonda bo'lib o'tadigan internshipga taklif oldim. Ushbu maqolada jarayon haqida, intervyu taasurotlari va tayyorlanishda foydalangan manbalarim bilan bo'lishaman.

Bu yil jarayon biroz boshqacha bo'ldi, sentabr oyida rekruter o'zi aloqaga chiqib Facebookdagi imkoniyatlarga qiziqishmi so'radi. Menimcha ilgari topshirganligim tufayli bu yil o'zlari aloqaga chiqishdi. Yozgi internshipga qiziqishimni aytdim va yangilangan rezyumeimni yubordim.

To'rt kundan so'ng suhbat kunini tanlash uchun havola keldi. Internship uchun atiga 2 intervyu bo'lar ekan, ikkisi ham problem-solving (masala yechish)ga qaratilgan, har biri 45 daqiqa davom etadi.

Intervyuga tayyorlanish uchun foydalanayotgan kitoblarimni @lazyprogrammer'da bo'lishgan edim. "Grokking Algorithms" va "Cracking the Coding Interview" kitoblarini o'qish intervyuga tayyorgarlanishda katta yordam berdi. "Algorithm Design Manual" kitobi biroz murakkab bo'lganligi uchun oxiriga qadar o'qishga ulgurmagan edim.

Intervyudan oldin Facebook'da Ko'p So'ralgan Masalalarni yechib chiqdim va tajribali dasturchi tanishlarimdan mendan praktika uchun intervyu olishlarini so'radim. Nodir Turaqulov, Dark Mamataliev, Khamidulla Inoyatov va Abdujabbor Mirkhalilov qimmatli vaqtlarini ayamay intervyu olishdi va foydali maslahatlar berishdi. Mock intervyular haqiqiy intervyu davomida hayajonlanmasdan, o'zimni erkin his qilishimda katta yordam berdi.

Intervyu kuni yetib keldi. Internet yaxshi ishlaydigan, tinch joy topib intervyuni boshlab oldim. Facebookda 1 yildan buyon ishlayotgan ayol injiner suhbat oldi, juda do'stona va samimiy muomala bilan o'zini tanishtirdi va men ham o'zimni tanishtirdim. Keyin darrov masala berdi (Bloombergda 10 daqiqa CV ustida gaplashiladi). Aynan qanday masala bergani haqida ayta olmayman, "Heap" ma'lumot tuzulmasi orqali optimal yechim bera oldim.

Ikkinchi savolga o'tdik, "Binary Tree" ustida amal bajarish haqida edi savol, uni ham optimal usulda yechadigan algoritm taklif qildim va Python dasturlash tilida kod yozib berdim. 30-daqiqa ichida 2ta savolni ham ko'rib bo'lib, 10 daqiqa yaratgan loyihalarim haqida gaplashdik: JPRQ va Ubukiri loyihalari haqida gapirib berdim. Keyin qiziqqan savollarimni so'radim va intervyuni o'z vaqtida yakunladik.

Ertasi kuniyoq rekruter aloqaga chiqib intervyuni "yorvording" (crushed) deb aytdi. Keyingi intervyu ham huddi shu formatda bo'lishini, o'tgan safargi natijani yana takrorlashimni so'radi. Ikkinchi intervyu ham yomon bo'lmadi nazarimda, lekin natijani 1 hafta deganda qabul qildim: Offer 🎉

Bu natijaga bir o'zim erishmadim. Ayniqsa "Yozda Birga Kod Yozamiz" loyihasida o'rgatish oraqli "tushuntirish"ni o'rgandim. Intervyuda oson tilda yechimni tushuntirib bera olish muhim sanaladi. Eynshteyn aytganidek: "Oson tushuntirib bera olmasang, demak o'zing ham tushunmas ekansan". Atrofingizdagi insonlarga bilimingizni ulashish - bilimingizni yanada oshiradi.

Bollar, biz yutdik!