Dasturchi Bo'lmang!
Muammolarni yechuvchi, ijodkor, kashfiyotchi inson bo'ling.
Odamlar menga dasturlash sohasiga oid bo'lgan ko'plab savollar berishadi. Menimcha, ular ahamiyatli savollar emas. Biror kompaniyaga ishga kirishim uchun nechta tilni o'rganishim kerak, ularning orasida qaysi biri eng yaxshi, qaysi biri ko'proq daromad keltiradi, qaysidir darajaga yetishishim uchun nimalar qilishim kerak, rezyumega qo'shishim uchun qanday dasturlarni yaratishim kerak va shu kabi savollar…
Xo'sh, bu savollar menga nega yoqmaydi? Chunki, bu savollarni berayotgan odamning dasturlashni o'rganishdan maqsadi shunchaki dasturlashni o'rganish, xolos. Dasturlash, bu bor-yog'i vosita. Men uchun dasturlash, bu biror vazifani avtomatlashtirish yoki mashina vazifani bajarishi uchun, masalan, muzlatgich eshigi ochilgan mahalda uning chirog'ini yoqish uchun kod yozish.
Bunday o'ylab qarasangiz, dasturlash zerikarli, bu aslida kod to'g'ri ishlamagunicha, unga qayta va qayta buyruqlar ketma-ketligini beraverish degani. Hammaning nomidan gapirishni xohlamasdim-u, lekin dasturlash sizga biror arzigulik daromad bermaganida edi, siz dasturlashni o'rganish uchun yoki yozgan kodingizdagi xatolar ustida ishlash uchun kompyuter qarshisida soatlab o'tirmasdingiz. Ba'zida, biz kod yozishni o'rganish yoki dasturlash bo'yicha musobaqalarda qatnashish yoki gigant texnologik kompaniyalarda ishlash haqidagi xayollarga sho'ng'ib ketib, aslida nima uchun dasturlashni o'rganayotganligimizni unutib qo'yamiz. Dasturlashni o'rganishni xohlashingizga sabab dasturlash yordamida ajoyib narsalarni yaratish mumkinligini ko'rgansiz. Shunday ekan, dasturlashni bemaqsad o'rganmang, dasturlash ilmidan manfaatli, boshqalar koriga yaraydigan narsalarni yaratish uchun foydalaning. Muammolarni hal qiladigan biror nima yarating, siz muammolarni yechuvchi, ijodkor, kashfiyotchi insonsiz.
Siz kompyuter dasturchisi emassiz!
Dasturlash, bu bor-yog'i yangi narsalarni yaratishingiz uchun bir asbob, xolos. Siz tahlil qilishga usta, kreativ va hamdard inson bo'lishingiz mumkin. Dasturlash esa sizga o'zingizdagi bu xislatlarni yuzaga chiqarishingiz uchun imkoniyatlar eshigini ochadi, ammo buning uchun dasturlashning o'zi yetarli bo'lmaydi, u xuddi qalamga o'xshaydi, agar qalamni qog'ozga yetarlicha qattiqroq bossangiz, u nimanidir chizishi mumkin, bor-yog'i shu, biroq birgina qalam yordamida roman yozish, nafis portretlarni chizish, ulkan inshootlar eskizini yaratish yoki tasavvuringizga siqqan har qanday narsani tasvirlashingiz mumkin. Dasturlashni ishga kirish uchun o'rganmang, uni qandaydir foydali narsalarni yaratish yoki real insonlar hayotidagi real muammolarni hal qilish uchun o'rganing.
Aziza Pulatova tarjimasi, muallif Joma Tech