100ta Intervyu Nima O'rgatdi?

09 April, 2022

100ta Intervyu Nima O'rgatdi?


So'ngi ikki yil ichida Super Dispatch uchun 50dan ortiq nomzodlarni intervyu qilibman. PDPda ham mentorlik uchun bir necha kandidatlarni intervyu qilishda yordam bergan edim. Umumiy hisobda 70dan ortiq texnik intervyu olibman, topshirgan intervyularim soni ham 30dan oshib qoldi. Xo'sh, 100ta intervyu nima o'rgatdi?

Sahnaning ikki tarafida ham ko'p marta bo'lib, intervyu jarayonida qiziqarli kuzatishlarga guvoh bo'ldim. Ushbu maqolada muvaffaqiyatli nomzodlarni ajatib turuvchi hislatlar haqida gaplashamiz.

1. Yaxshi Nomzodlar Ko'proq Savol So'rashadi

Buning aksi to'g'riga o'xshab ko'rinadi, ammo dasturlashda emas. Qanchalik muammo haqida ko'proq ma'lumotga ega bo'lsangiz, yechimga shu qadar yaqin bo'lasiz. Qolaversa, suhbat oluvchi - bu yerda buyurtma beruvchi. Uning xohishlarini inobatga olib yechim yaratishingiz, uning yechimingizdan qoniqishi ehtimolligi oshadi. Qiziqarli savollar so'rash ham mahorat talab qiladi. Darrov yechim taklif qilib, bu imkoniyatni qo'ldan boy bermang.

Savol qanchalik oddiy bo'lmasin, unga aniqlik kiriting. Misol uchun - "Sizga so'z berilgan, uning teskarisini ekranga chiqaring". Ko'pchilik darrov so'z - "string" deb faraz qilib, ko'd yozishni boshlaydi. String esa ko'p tillarda "immutable" - o'zgartirib bo'lmaydi, xotirada yangi string yaratishni talab qiladi. Suhbat jarayonida kichik detallarni ham inobatga olsangiz, suhbat oluvchida yaxshi taasurot qoldirasiz.

2. Yaxshi Nomzodlar Ochiq Fikrlashadi

Uzoq sukunat suhbat oluvchini osongina zeriktirib qo'yadi, yechimga kelish jarayonini yoshiradi. Suhbatda natija hamda jarayon muhim. Suhbat oluvchi nafaqat sizning yechimingizga balki yechim topish usulingiz, tushuntirish kabi qobiliyatlaringizga ham baho beradi.

Ochiq fikrlash - "debug mode" degani. Yechim uchun miyyangizdan o'tayotgan fikrlaringizni aytib, yechimga kelishingizda yordam bergan bilimlaringizni aytib o'tasiz. Ochiq fikrlash orqali muammoning qaysi qismida qiynalayotganingizni suhbat oluvchiga ko'rsatasiz, sizga kichik ko'mak berish uchun imkon berasiz.

3. Ular Fikrlarini Erkin Ifodalashadi

Sizda zo'r g'oya bor, muammo shundaki u sizning miyyangizda. Uni bayon qila olishingiz kerak, faqat ko'd orqali emas, balki inson tushuna oladigan tilda. Yaxshi nomzodlar fikrlarini yaxshi yetkazib bera olishadi. Muloqot - eng muhim hislat.

Fikrlarningizni erkin ifodalashni o'rganishni oson usuli bor - o'rgatish. Atrofingizdagi insonglarga bilimlaringizni ulashish ikki tarafga ham birdek foydali. Bizda ikki xil lug'at boyligi bo'r, biri passiv, biri aktiv. Kitob o'qiganingizda, video darslar ko'rganingizda tilingiz passiv rivojlanadi. O'rgatganingizda, maqola yozganingizda esa aktiv tildan foydalanasiz.

4. Ular Yechimni Rejalashtirishadi

Eng ko'p qilinadigan xatolardan biri - yechimni tushuntirmasdan ko'd yozishni boshlash. Qancha ko'p dasturchilar bu xatoga yo'l qo'yishini tasavvur qila olmaysiz. Men intervyu olgan senior dasturchilarning 90 foizi ushbu xatoga yo'l qo'yishadi, darrov yechimga talpinishadi. Yechimni rejalashtirishingizni suhbat oluvchiga ko'rsatib berishingiz kerak.

To'g'ri, intervyudagi yechim 15 daqiqa olishi mumkin, lekin bu degani ishni rejalashtirmaslik kerak degani emas. Faraz qiling ishda sizga 3 oylik loyiha berildi. Siz darrov borib ko'd yozishni boshladingiz. 3 oy o'tib yechimni olib keldingiz. Qarabsizki katta ehtimollik bilan siz taklif qilgan yechimda qancha kamchiliklar borligini aytishadi, siz buni ish so'ngida bilasiz, ancha ertaroq ham bilishingiz mumkin edi. Rejalashtirish muhim.

5. Ular Tanqidni Yaxshi Qabul Qilishadi

Tanqid rivojlanishning kaliti, lekin hamma ham tanqidni yaxshi qabul qilmaydi. O'zim qatnashgan suhbatlarda yozgan ko'dim uchun ko'p fikr eshitmaganman. Ammo o'zim olgan intervyularning barchasida nomzod yozgan ko'dni har bir qatorini o'qib u yerda nimani yaxshilash mumkinligi haqida aytib o'taman. Ko'pchilik bilmaganlarini o'rganganligi uchun rahmat aytishadi.

Ba'zilar esa hali fikrni to'liq eshitmasdan darrov munozara qilishni, o'zining yechimini tarafini olishni boshlashadi. Bunday vaziyatlarda tezda rad javobi berishni xulosa qilaman. Sababi bunday nomzodlar ishda ham ko'p munozara yaratishadi, keraksiz muhokamalarga sabab bo'ladi.

6. Ular Kompaniyaga Qiziqish Bildirishadi

Dastulash ko'p sohalarda ishlatiladi. Qaysidir kompaniya banklar uchun dastur yaratadi, qaysi biridir logistika uchun. Kompaniya mahsulotlari haqida bilmasdan topshirish aslida kulguli, lekin afsuski deyarli hamma nomzodlar mendan, uyalmasdan, kompaniyang nima bilan shug'ullanadi deb so'raydi.

Nega "X" kompaniya? Topshirayotgan kompaniya madaniyati va qadriyatlari haqida o'rganib ishga topshirishish ikki taraf uchun ham foydali. Kompaniya va nomzod qadriyatlari bir biriga mos tushishi muhim. Ular qadrlaydigan sifatlar borligini payti kelganda aytib o'tish nomzodni tanlanish imkoniyatini oshiradi.

7. Ular Do'stona Munosabatda Bo'lishadi

Oddiy psixologik fakt: boshqa insonning jilmayishini ko'rish, inson miyyasida avtomatik tarzda javoban uning ham jilmayishiga, kayfiyati ko'tarilishiga sabab bo'ladi. Kayfiyati yaxshi bo'lgan insonda esa ijobiy fikrlashga moyillik bo'ladi. Intervyuga jilmayib kirishni, subhat davomida do'stona munosabatda bo'lib, suhbat so'ngida esa ajratgan vaqti uchun rahmat aytishni unutmang!

Xulosa

Yuqorida aytib o'tilgan ko'pchilik hislatlarni o'zlashtirish uchun ko'p vaqt talab qilinmaydi, ammo suhbat jarayonida ular sizni boshqa nomzodlardan yaxshigina ajratib turadi. Ularni keyingi suhbatingizda qo'llab ko'ring va jarayon qanchalik yaxshilanganini ko'ring. Ko'pchilik faqat "hard" bilimlar ustida ishlab, "soft" hislatlarni esdan chiqarib qo'yishadi. Qolaversa ularning ahamiyati ulkan, nafaqat suhbat yoki ish jarayonida, balki butun hayot davomida.