Universitetda O'qishga 7 Sabab
Dasturchi bo'lmoqchisiz, shundaymi? Sizga ko'pchilik universitetda o'qishingiz shart emasligi, o'zingiz yoki intensiv kurslarda o'rganishingiz mumkinligini aytishadi. Lekin mendan so'rasangiz, men sizga universitetda o'qishingizni maslahat bergan bo'lardim. Ushbu maqolada nega universitet o'qish muhimligi haqida aytib o'taman.
Sabab 1: Universitet Vaqt Beradi
Buni teskarisi to'g'riga o'xshab ko'rinadi, ammo rostan universitet sizga o'zingiz ustingizda ishlashga vaqt beradi: 4 yil muddat. Men universitetdan ketib, ish boshlaganimdan so'ng o'zim uchun ishlatadigan vaqt keskin kamayib ketganini sezgan edim, 9 dan 6 ga qadar ishlash (full-time) siz o'ylaganchalik oson emas.
Vaqt berishiga yana bir misol, faraz qiling siz 6 oy intensiv kursda o'qidingiz, (katta ehtimollik bilan) bitiriboq dasturlashda ish topa olmadingiz. Nima bo'ladi? "Universitetda o'qimasang, ishla" - ushbu bosimni sezasiz, balki ota-onangizdan, balki jamiyatdan. Dasturlash men uchun emas ekan deb, boshqa sohada ish boshlaysiz. Agar siz universitetni bitirib ham ushbu muammoga duch kelganlar bor desangiz, mening nazarimda ular vaqtdan to'g'ri foydalanishmagan.
Sabab 2: Universitetda Fanlarni O'rganasiz
Dasturchi bo'lish uchun matematika kerakmi? Ha, dasturlashning eng qiziq yo'nalishlarining barchasida kerak. Discrete Matematics, Linear Algebra, Calculus, Statistics, va h.k larni hech qaysi bootcamplarda, udemy kurslarda o'rganmaysiz. Universitetda ham o'rgatilmasligi mumkin, lekin o'rganishga sabab va vaqt bo'ladi.
Kompyuter operatsion tizimi qanday ishlashi (operating systems), dasturlash tillari qanday ishlashi (grammars and automata theory) kabi kurslar ham faqat universitetlarda o'tiladi, bootcamp'larda emas. Barcha universitetlarning CS yo'nalishlarida bu fanlar o'qitiladi, agar universitetingiz o'qitishidan mamnun bo'lmasangiz, MIT ning OpenCourseware da kursingizni toping va parallel ravishda o'rganinging. Shunda bitirganingizda MIT talabalaridan kam joyingiz bo'lmaydi.
Sabab 3: Universitet Visa Olishga Yordam Beradi
Diplom keraksizligi haqida ham ko'p gaplar aytildi. Ammo oliy ma'lumotli bo'lishning foydali jihatlari ko'p. Faraz qiling, siz juda yaxshi dasturchisiz va sizga Germaniyadan rekturer aloqaga chiqib, DeliveryHero kompaniyasiga ishlashga taklif qiladi, siz barcha intervyulardan o'tib, kompaniyaga juda zo'r maoshli taklif olasiz. Germaniyaga ketish uchun visa topshirganingizda kamida bakalavr darajada bo'lishingizni talab qilib, afsuski sizga rad javobini berishadi.
O'zbekistondan turib AQSh, Kanada, Yevropa, Angliya va boshqa ko'plab davlatlarda dasturchi sifatida ishchi visaga topshirganingizda sizdan kamida (shu yoki boshqa yaqin sohada) bakalavr darajasi bo'lishini talab qilishadi. O'zbek dasturchisi bo'lib Googlega borib ishlash orzuingiz orzuligicha qolishi mumkin, universitetda o'qing.
Sabab 4: Katta Tech Kompaniyalar Diplomga Qaraydi
Miflarga qaraganda FAANG kompaniyalari diplomga qaramaydi. Bu qisman to'g'ri va noto'g'ri. Agar sizda 5+ yil ish tajribasi bo'lsa, unda ish tajribangiz vazni kattaroq bo'lib, rekruterlar CS yo'nalishida diplomingiz yo'qligiga ko'z yumishadi. Lekin agarda sizda 5 yildan kam ish tajribangiz bo'lsa, unda rekruterlar CS yo'nalishida diplomni inobatga olishadi.
(*5 yil tahminiy son, kompaniyadan kompaniyaga qarab farq qiladi)
Sabab 5: CS Darajaga Ega Dasturchilar Odatda Kuchliroq Bo'lishadi
Buni 2-sabab natijasi sifatida ko'rishingiz mumkin. O'zi yoki bootkampda o'rgangan dasturchilar faqat o'zining sohasi (frontend, backend yoki android, ios) bilan chegaralanib qolishadi. Computer Science sohasida o'qigan talabalarda esa "full-picture", katta mashtabda ko'ra olish qobiliyatlari bo'ladi. Kattaroq muammolar ustida ishlay olishadi.
Sabab 6: Universitet Talabalari Uchun Ko'plab Imkoniyatlar Mavjud
Ko'plab stajirovka, grant va musobaqalar faqat universitet talabalari uchun ochiq. Misol uchun ACM ICPC, Microsoft Imagine Cup, Google Summer of Code va h.k. Bu yerda qo'shimcha o'qishingiz mumkin.
FAANG kompaniyalariga ham universitet davomida kirish ancha osonroq, ya'ni internshipga kirish uchun faqat 2ta coding-interview bo'lib o'tadi. Universitetni bitirib kirish uchun esa 8 tagacha bosqichda bo'lib coding, system design, behavioural va h.k.
Sabab 7: Networking, Universitetda Do'stlar Ortirasiz
Universitetda ortirgan do'stlaringiz eng ko'p aloqada bo'ladigan do'stlaringizdan bo'ladi. Faqat universitetdagina yuzlab insonlar bilan osongina bog'lanishingiz, birga tadbir va loyihalar ustida ishlashingiz mumkin.