Birinchi Biznesim
Hovlimizda katta tog’ olcha daraxti bo’lardi. Taxminan yilning ayni shu paytlarida ko’p-ko’p meva solardi. Butun mahallani boqardi.
Bir kuni tomdan prujinali tarozi topib oldim, chamasi 9 yosh edim. Do’stim bilan 1 chelak olcha terdik. Lekin olchani kimga ham sotardik?
Hammaning hovlisida meva daraxtlari bor, lekin domda yashaydiganlarda yo’q deb o'yladik.
O’sha ko’p qavatli uylar oldiga bordik.
“Olcha keldi, olcha” - deb xaridor chaqira boshladim.
- “Sen ham chaqirsangchi” dedim do’stimga.
- “Uyalaman. Sinfdoshlarimiz shu yerda yashaydiku, ular nima deb o’ylaydi” dedi do’stim - chaqirmadi.
Ayollar gaplashib o’tirgan joyga bordik. Bir ayol olchaga qiziqib qoldi - kompot qilaman dedi. Unga qiziqib boshqalar ham oldi. Pulladik.
9 yashar bola qo’liga pul tushsa nima ham qilardi?
To’g’ri kompyuter xonaga ketti do’stim.
Xafiza opaning magazinidan shakar olib, uyga qaytdim. Rahmatli momam bilan birga nonushta qilish uchun edi.
Eng shirin shakar o’sha bo’lgan men uchun.