2023ga Nazar

31 December, 2023

2023ga Nazar


2023-yil samarali yil bo'ldi.

Yanvar

Hammasi yanvarda Leetcode masalalar yechishdan boshlandi. Chunki aynan shu yili Googlega topshirishimni reja qilib qo'ygandim. Ammo leetcodedagi aktivlik uzuqqa bormadi (rasmda ko'rishingiz mumkin).

Fevral

Fevral oyida jprq ni qayta yozib, 2-versiyasini taqdim qildim. Jprq v2 uchun Jasurbek bilan debugger ustida bosh qotirib, ajoyib yechim yaratdik. 1 oyda 1.2k dasturchilar ishlatishni boshladi, ba'zi kompaniyalar qiziqishini tortdi.

Mart

Mart oyidan yana YouTube videolar tayyorlashga qaytdim.

"Senior bo'ling" mavzusida qisqa video tayyorlab, Javohir bilan "Mingbuloqdan Shveysariyagacha" nomli intervyu suratga oldik.

Aprel

Aprelda hayotimni o'zgartib yuborishi mumkin bo'lgan imkoniyat eshik qoqdi. Jprq tufayli io.net'da CTO bo'lishim mumkin edi, ammo bu imkiniyatni rad etishga qaror qildim. Agar "ha" deganimda, quyidagi voqealarning hech biri sodir bo'lmasdi.

Biroz vaqt topib, "7 yilda 7 loyiha" hamda "jprq qanday ishlaydi" mavzularida YouTube video tayyorladim.

May

Mayda ko'proq sayohat qildim.

Berlinga bordim, Jahongir akanikida mehmon bo'ldim, Kiki bilan ko'rishdim. Sayohat davomida Jahongir aka va Anvar bilan birgalikda "Germaniyada O'qish va Ishlash" nomli vlog sur'atga oldik 🥂.

Tug'ilgan kunimda Shveysariyaga yo'l oldim. U yerda Facebookda birga amaliyot o'tagan do'stim Henry bilan ko'rishib, birga sayohat qildik. Shveysariya nihoyatda go'zal ekanligi va internetdagi videolar haqiqiy ekanligiga amin bo'lib qaytdim.

Iyun

Iyunda "Yozda Birga Kod Yozamiz"ga start berdik. Loyihada qatnashish uchun 3 kunda mingdan ortiq, saralash bosqichidan so'ng tekshirish uchun 180ga yaqin yechim repozitoriylarini qabul qildik 🫣

Yuborilgan yechimlarni hammasini o'zim tekshirishga dangasalik qildim. Ilgariroq qiziqib, shell'ni brauzerga olib chiqqandim – aynan shu yechimim YBKY uchun vazifalarni avtomatik tekshirishda asqotdi.

3 yildan buyon o'tkazib kelayotgan YBKY – faqat tajribali dasturchilar uchun ekanligi va o'rganishni endi boshlaganlarni e'tiborsiz qoldirayotganimiz biroz hafa qildi.

O'rganishni endi boshlaganlar uchun Garvardning CS50 kursini Toshkentda o'tkazish uchun bel bog'ladik – bir paytni o'zida ko'plik qilsak ham. Qatnashish sharti "Nega Dasturchi Bo'loqchiman" mavzusida video tayyorlash edi – ajoyib & kreativ videolar qabul qildik. Ko'proq o'quvchi qabul qilsh uchun keyinchalik motivatsion xat shaklida ham qabul qilishni boshladik.

Oldindagi loyihalarni boshlash oldidan yana kichik sayohatga chiqdim. Amazondagi hamkasblarim bilan kichik orolda 3 kunga dam olishga bordik. Orolda xazina yashirilgan ekan. GPS orqali qidirib yo'l-yo'lakay jamoaviy mashqlar bajardik, jamoada birga ishlaydigan insonlar bilan yaqindan tanishish imkoni bo'ldi.

Iyul

Iyulda ish va o'qishdan ta'lilga chiqib, jonajon O'zbekistonga yo'l oldim. Ertasi kuniyoq Toshkentdagi Google IOda "Dangasa Yechimlar" mavzusida ma'ruza bergani bordim.

Har gal GDG Tashkent tadbir tashkillashtirganida, onlayn ma'ruza berib borardim. Birinchi bor bunday katta auditoriyaga oldiga chiqishim edi. Hayajon bosdi. Hamma narsa birinchisidan boshlanadi deganlaridek, 1000 kishi oldida sahnaga chiqib nimadir deya oldim.

Rasmdagi paytda:

Har gal internetga kirganingizda "Ta'lim" (Education) yoki "O'yin kulgi" (Entertainment) tanlanadi. Ta'limni tanlang.

degan edim.

Yozda Birga Kod Yozamiz ham va CS50xTashkentda dars o'tishni boshladik. CS50da (Inhada) 80ta, YBKY Backendda (PDPda) 40ta va Algortimlarda (Impacttda) 24ta talabalarni qabul qilgan edik. Darslarimiz umumiy 4 haftaga mo'ljallangandi.

Yakshanbadan tashqari haftada har kuni dars o'tardim. Dars o'tishni o'ziga yarasha qiyinchiligi bor, ammo 42 °C issiq va metrodagi gavjumliklar, yo'lda ko'p yurish holdan toydirdi – tappa tashladim, bir hafta betob bo'lib, darslarni ham 2-3 marta bekor qilib turishga to'g'ri keldi.

Shu payt kasal bo'lib yotganimda, nega hozir biror dengizga emas balki issiq kunlarda Toshkentga kelganligim haqida o'yladim – umuman afsuslanmadim. CS50 va YBKY uchun dars berishga Polshadan do'stlarim Diyorbek va Jasurbek ham kelishgandi. Androidchi Yusuf bilan aynan shu loyiha ustida birga ishlab, yaxshiroq tanishib oldik. Keyichalik birga yana ta'limga oid loyiha qilishga kelishdik.

Ilm ulashish uchun issiq ham, kasallik ham to'sqinlik qilmadi. Biz buni uddaladik – ikki loyihani ham muvaffaqqiyatli yakunladik.

Orada ona yurt Andijonga borib, IT lagerda dam olib, ma'ruza berib kelishga ham ulgurdim. Nonushtaga achchiqqina mastava ichib, betoblikda yo'qotgan energiyamni qayta tiklab oldim.

Avgust

Avgust oyida Polshaga qaytdim. Amazonda menga kattroq loyiha topshirildi. Loyiha haqida biladigan hamkasblarim dam olishga chiqib ketganligi va menejerim qo'yayotgan bosim ishdan ketish haqida o'ylashimga sabab bo'ldi.

Amazon ichida qo'shni jamoaga ishga topshirdim – bu haqida avtomatik tarzda menejerga xabar borar ekan – syurpriz qilib bo'lmas ekan. Menejerim bilan muammolar haqida gaplashib oldik. Yangi jamoa uchun yana qaytadan suhbat jarayoni boshlandi.

Suhbatga tayyorlanishim kerak bo'lsa, bira to'la Google'ga ham topshirib qo'ya qolay deb uyoqqa ham ishga topshirdim.

Sentabr

Ishdagi bo'lgan voqealardan biroz chalg'ish uchun ko'rmaganimga 5 yil bo'lgan do'stim bilan Italiyada ko'rishib, Turin shahrini birga aylandik. Reja qilinmagan sayohat bo'lganligi tufayli Varshavaga kechgi 10da qaytib, tuni bilan imtihonga tayyorlanib ertalab universitetga borgandim.

Googledan rekruter aloqoqaga chiqdi. Suhbatga tayyorlanishni boshladim – vaqt kamligi tufayli hatto sport zalda ham leetcode bilan shug'ullandim. Amazondagi qolgan ta'tillarimni hammasini olib, faqat algoritmlar bilan shug'ullandim. Yozda Birga Kod Yozamiz talabalari bilan mock intervyular qildik.

Suhbatdan muvaffaqqiyatli o'tib, ishga taklif oldim. Googlega o'tmagan taqdirda ham, Amazondan ketishni mo'ljallab turgandim. Darrov Amazondagi ishimdan bo'shash uchun ariza topshirdim, jamoam bilan esa ketishimdan 1 oy oldin xayrlashdik.

Oktabr

Katta kompaniyalarda ishdan ketish oldidan xabar berasiz va xabardang so'ng, keyingi oydan boshlab 1 oy ishlashda davom etishingizga to'g'ri keladi. Men esa menejerim bilan kelishib 1 hafta ertaroq ketishga kelishdim.

1 yil-u 2 oy ishlagach Amazondan ketdim. So'ngi kunimda, ketish oldidan Amazon haqida video tayyorlashga ulgurdim.

Amazondan ketiboq, 42.uz jamoasi bilan birga ta'lim platformamizni ishga tushirishga chuqurroq kirishdik. Biroz vaqt birga onlayn ishlab, keyin birga bir xonada ishlash effektivroqligi anglab yetdik. Ko'rishish uchun Turkiyani tanladik.

Noyabr

10 kecha-yu 10 kunduz Istanbulda birgalikda tinim bilmay Qirikki ustida ishladik. Charchaganda dam olish uchun dengiz bo'yida sayr qildik.

1-noyabr kuni 42.uz ga start berdik.

Avvalo 42 talabalariga vim'dan chiqishni o'rgatdik. Terminalda ishlashni o'rgatib, keyin dasturlashga o'tdik. Darslarni ko'rinishidan studioda yozilganga o'xshasada, AirBnBda ijaraga olgan uyimizda yozganmiz.

Varshavaga qaytgach, 42 uchun Turkiyadagidek unumdorlikni ushlab turish qiyin bo'ldi. Ishlash uchun qayoqqadir borish va jamoa bilan birga ishlash haqiqatda unumli bo'lgandi.

Noyabr oyi oxirida esa Google'da ish boshladim.

Dekabr

Googleda birinchi 4 hafta jamoamdan tashaqarida onboarding bo'lib o'tdi. Ularni tamomlab, yaqinda Google Cloud'ning Kubernetes Engine qismida ishlashni boshladim.

Ha aytgancha, shu bo'lgan voqealar bilan bir qatorda har doim universitet ham bor edi. Oxirigi kunlar faqat diplom ishim ustida ishladim. Dekabr oyi biroz dam olish va bo'lgan voqealarni tahlil qilish bilan band bo'ldi.

Rahmat 2023, salom 2024!