20 yoshgacha 20 urinish

13 December, 2025

Yaqinda "20 yoshga maslahatim" instagramda mini-viral (~330k ko'rishlar) bo'lib ko'pchilik noroziligiga uchradi.

Shaxsiyga bir "ayol" so'kinib yozibdi. Uningcha men yoshlarni pul topishdan qaytarayotgan ekanman. Mazmunni tushunmagan ko'rinadilar.

Keling bugun buni tuzatamiz.

Ushbu maqolada 20 yoshimgacha 20 xil usul bilan pul ishlab topganim haqida bo'lishaman. Maqolada aytib o'tilgan usullarni xoh ko'chiring, xoh popkorn tayyorlab shunchaki o'qing. Kettik.

1. Olcha hikoyasi (9 yosh)

Hovlimizda katta tog’ olcha daraxti bo’lardi. Taxminan yilning aprel oylarida ko’p-ko’p meva solardi. Butun mahallani boqardi.

Bir kuni tomdan prujinali tarozi topib oldim, chamasi 9 yosh edim. Do’stim bilan 1 chelak olcha terdik. Lekin olchani kimga ham sotardik?

Hammaning hovlisida meva daraxtlari bor, lekin domda yashaydiganlarda yo’q deb o'yladik.

O’sha ko’p qavatli uylar oldiga bordik.

Olcha keldi, olcha” - deb xaridor chaqira boshladim.

⁃ “Sen ham chaqirsangchi” dedim do’stimga.

⁃ “Uyalaman. Sinfdoshlarimiz shu yerda yashaydiku, ular nima deb o’ylaydi” dedi do’stim - chaqirmadi.

Ayollar gaplashib o’tirgan joyga bordik. Bir ayol olchaga qiziqib qoldi - kompot qilaman dedi. Unga qiziqib boshqalar ham oldi. Pulladik.

9 yashar bola qo’liga pul tushsa nima ham qilardi?

To’g’ri kompyuter xonaga ketti do’stim.

Xafiza opaning magazinidan shakar olib, uyga qaytdim. Rahmatli momam bilan birga nonushta qilish uchun edi.

Eng shirin shakar o’sha bo’lgan men uchun.

2. Bedjik yasadim (13 yosh)

Maktabda o’quvchilarni bedjik taqib yurishini majburiy qilib qo’yildi. Oddiy bedjik - oq qog’ozda yozilgan harflar e’tiborni tortmasdi.

O’zim uchun Photoshopda maxsus dizayn qildim, juda go’zal edi. Ko’chada chop ettirib, bedjikni maktabda taqib yurishni boshladim.

Ustozim ko’rib qolib butun sinfga shunaqa bedjik tayyorlab berishimni so’radi. Tannarxi 200 so’mga ham tushmaydigan bedjikni, 1500 so’mdan butun sinfimga tayyorlab berdim. Pul topdim.

Kompyuter qobiliyatlarimni ishlatib pul topish — o’yinlardan ancha qiziqroq edi.

Endi tushungandim nega Amerikada yosh bolalarga issiq kunda limonad sottirishlarini.

3. Abituriyent gazetasi (15 yosh)

Maktabni bitirib akademik litseyda o'qishni boshladim.

Matematikaga mukkasidan ketganlar bilan birga o'qirdim. DTM testlar to'plami zerikarli va urfdan qolgandi. 2 haftada bir, Payshanba kuni Abituriyent gazetasi chiqardi. O'tgan son uchun kalit javoblar bo'lardi. Bu keyingi sonni sotib olishga undardi.

Yilda bir bu testlar to'planib, kitobcha shaklida chiqardi. Ammo buni kutish qiyin edi. Bir kuni kimdir shu to'plamni nashriyotdan avval yasabdi - qo'limga tushib qoldi.

Avvaliga o'zim uchun chop etdim. Atrofdagilardan "menga ham" degan talablar tusha boshladi. 1 kunda 10tacha nusxa sotardim. Matematika uchun o'quv markaziga bormasdim, ammo bir kuni kitobchani sotish uchun bordim.

Abiturient gazetasi uchun shu matematika testlarini to'playdigan Azimjon akani hayotda ko'rib qoldim va bu testlar uchun rahmat aytib qo'ydim. Testlar ko'proq "Turk Litsey" to'plamidan olinardi.

Bugun ularni 42.uz/arena da onlayn topishingiz mumkin.

4. IELTS Mock Imtihoni (16 yosh)

10 yil ilgari birinchi marta IELTS topshirdim.

Hayajon tufali olishim mumkin bo’lgan balni ola olmadim. Juda hafa bo’ldim, yana topshirish uchun mablag’ yo’q edi.

Keyin g’oya keldi:

- Kursdoshim Ismoil uyidan katta karnaylarini olib keldi.

- Singapurskidan do’stim Abdunabini speaking olishga taklif qildim.

- Internetdan hali ko’pchilik ko’rmagan test topib, ko’p nusxada chop qildim.

- Litsey zamdirektori Marhabo opadan kutubxonani ishlatib turishni so’radim.

Mock imtihon haqida e’lon berdik. 10 dan ortiq o’quvchilar yig’ildi, diplomatiya litseyidan ham 2 kishi keldi.

Imtihonni o’tkazdik — xuddi Britaniya konsulligidagi kabi. Imtihonga ilgari kirmaganlar uchun haqiqiy tayyorgarlik bo’ldi.

Ozgina pul ishladim. Ammo eng shirin qismi — vaqt o’tib, bir qiz xursand bo’lib kelib haqiqiy IELTS imtihonida birinchi urinishda 7.5 olganlini bildirib, bizga rahmat aytdi. Biz qilgan imtihonda 7.0 olgandi.

Muammolar faqat sizda emas.

Siqilmang — imkoniyatdan foydalaning.

5. Litseyda Kinoteatr (16 yosh)

Litseyda faqat o'qish ko'pchilikni charchatgandi. Matematika, IELTS, fanlar...

Tandirgan yangi chiqqan film topib oldim, ingliz tilida. Ammo kimgadir kino ko'rishni sotish oson ish emas edi. Shuning uchun yaltiroq chipta yasadim - internetdan chipta uchun dizayn topib, photoshopda o'zgartirib, qimmat qog'ozga chop etdim.

20tacha chipta chiqarib, 3-4 kishiga o'z guruhida sotish uchun tarqatib yubordim. Ingliz tili ustozdan xonasini va proyektorini olib turdik, Ismoil karnaylari yana foyda berdi.

Pop-korn va suv uchun ozgina pul ishlatdik, qolgan foyda chakana emasdi. Kinoni ham yaxshi tanlagan ekanman, mazza qilib ko'rdik - ingliz tilida:)

6. Bepul amaliyot (16 yosh)

2015-yil 1-noyabr kuni YLDP (young leaders development project) nomli klubga a'zo bo'ldim.

O'sha paytlar Diplomatiya universitetiga kirib, iqtisodchi bo'laman deb yurardim. Klub aynan o'sha universitet ichida edi va universitet talabalari bilan ko'rishib, bu fikrimdan qaytdim.

Amaliyot boshlanishidan avval yo'nalish tanlashim kerak edi. Oldimda PR, Social Media va IT turardi. Mirjalol aka IT tanlashni maslahat berdilar va men rozi bo'ldim.

Bepul amaliyot bo'lsada 1-oyning o'zida Mirjalol aka "eng yaxshi amaliyotchi" deb topib konvertda pul berdilar (maqola pul haqida bo'lgani uchun esladim). Maosh olgandek bo'lgandim.

YLDP oltindan qimmat tajriba va network berdi. Keyingi hikoyalarning ko'pi uchun sabab ham.

7. Litseylar aro olimpiada (17 yosh)

12 yillik o'quv tizimi 11 yilga o'tish arafasida edi.

Ko'p kollej va litseylar yopilishi kutilayotgan, xususan bizning litsey ham bundan mustasno emasdi. Milliy universitet qoshida 3ta litsey bo'lsa, ulardan faqat 1tasi qoladi va u litsey aniqlanishi kerak edi.

Olimpiada e'lon qilindi. Pul mukofotini eshitib, yeng shimardim. Ingliz tili bo'yicha 1-o'rinni hech kimga bermadim. Fakt uchun: katta fan olimpiadalariga doim 3-o'rinni ko'zlab borardim va 2 yil Toshkent shahar bosqichida 3-o'rinni olganman.

Va'da qilingan 500 ming so'mdan faqat 300 ming qo'limga kegdi. IELTS balimni tuzatish uchun 400 ming kerak edi - o'zimdan qo'shib IELTSga to'lov qildim.

Xuddi "Charlie va shokolad fabrikasi" dagidek shu qimmat imtihonni 2-marta topshirishga yana imkoniyat topdim. Avvalgisini tug'ilgan kunim uchun sovg'a sifatida olgandim va sharmandali 6.0 olgandim.

8. ieltszone: 1 oy bepul (17 yosh)

IELTS uchun mustaqil tayyorlanardim. Ingliz tilini ham 90% mustaqil o'rganganman deb ayta olaman.

Matematiklar biladigan bir hazil esimga tushdi.

Bir kishi o'rik sharbar sotayotgan kishiga borib:

- "Sharbatingizning bir tomchisi nech pul" deb so'raydi.

Sotuvchi:

- "Bepul" deydi.

Shunda xaridor:

- "Unda menga shu tomchilardan 1 finjon to'ldirib bering" deydi.

Xuddi shu tomchidek IELTS kurslarida ham 1-dars bepul. Odamlar 10ta darsga pul to'laydilar. Men esa 10-15 ta o'quv markazlariga bepul 1-darsga bordim. Qaysi resursdan o'qishyapti, qay usulda tayyorlanishyapti bilib oldim.

Bir kuni ieltszonga bordim. U paytlar Bekzod aka hali 9 olmagandilar.

Ularga kelasi oy imtihonim va to'lashga pulim yo'q dedim, bepul o'qitishlarini so'radim va ular kelaver dedilar - 1 oy gazini bosdik.

So'ragan balimni qo'lga kiritdim.

bekzod mirahmedov, o'zbekistondagi 1-ielts 9.0 bal sohibi

9. Daraja aniqlovchi test (18-yosh)

Litseyda dasturlashni o'rganish davomida - html, css va biroz javscript o'rganib abcd test dastur yasagandim.

Uyimizda internet bo'lmasdi, Alisher Navoiy kutuxbonaga borish uchun 150-avtobusni kutishga ketgan vaqtimni eslasam achinib ketaman.

Bir kuni Chilonzordagi Result'ga bordim. U yerda shinam kutubxona va WiFi bor edi. Kutubxonadan foydalanib turishga joy so'rab bordim. Kutib oluvchi qiz meni o'quvchi deb o'yladi va qo'limga test tutqazdi.

TestMaster kitobidan ekanligini darrov payqadim va ularni tezda yechib berdim. Keyin esa Alisher Sadullaevdan qachon markazga kelishlarini so'radim, 1 soatda kelib qolishlarini aytdi. Bu vaqtda test savollarni o'zim yasagan dasturga kirita boshladim.

Alisher aka kelganlarida muammo haqida so'z ochdim. Test javobini qancha kutganim va o'qituvchi tekshirishga ketqazgan vaqti haqida gapirdim va yechimni ko'rsatdim.

Planshetga o'rnatib, yangi kelgan o'quvchilarni omborini tuzsa bo'ladi deb dasturni sotishni boshladim - darrov ~$200 taklif qildilar. Men esa pul o'rniga bir necha oy kutubxonadan jamoam bilan bepul foydalanishni so'radim va ular rozi bo'ldi.

Xulosa

Imkoniyat eshingizni taqqilatishini kutmang.

Imkoniyat eshigini borib o'zingiz taqqillating.

Bu maqolada dasturlashgacha bo'lgan yo'lda pul topish haqidagi hikoyalarim bilan bo'lishdim.

Keyingi maqolamda dasturlash bilan qanday pul topganim haqidagi hikoyalarim bilan bo'lishaman.