20 yoshgacha 20 urinish
Avvalgi maqolamda dasturlashgacha bo'lgan yo'lda pul topish haqidagi hikoyalarim bilan bo'lishgandim.
Ushbu maqolamda esa 20 yoshgacha dasturlash bilan qanday pul topganim haqidagi hikoyalarim bilan bo'lishaman.
10. Spider jamoasi (17 yosh)
Akademik litseyning oxirigi yili.
Html va endi biroz PHP ham bilaman. Do'stim Diyorbek bilan jamoa tuzib uni nima deb nomlasak ekan deb bosh qotirdik.
O'rgimchak odam tengdoshlarimizni eng yoqtirgan filmi edi, xususan Diyorbekni ham. U "Spider" deb nomlash taklifini berdi.
Nega "Spider"?
Chunki "Spiders make web. We make websites" deb shior yasab oldik.
200 ming so'mga 3 kunda vebsayt qurib beramiz deb e'lon qildik - hech kim kelmadi. 2ta havaskor dasturchidan jamoa chiqmasdi - bizga sotuvchi kerak edi. Inhada o'qiydigan Davron aka - ekstrovert do'stimizni jamoaga taklif qildik.
Restoranlarga bordik, onlayn menyu yasab beramiz deb - qiziqish bildirmadi. Aniqrog'i sota olmadik. Bu o'sha kuni Davron aka olingan rasm.

Mollarga yem ishlab chiqaradigan fermaga bordik - ular xorijga eksport qilishni boshlash arafasida turgan ekan. Chamasi 1 million so'mga sayt qurib berishga kelishdik. Sayt shablonlarini ko'rsatib, ularga yoqqanidan 2 kunda sayt tayyorlab berdik - ko'zlari olida.
Shu qisqa vaqtda qilgan ishingizga shuncha pul beramanmi deb saytdan voz kechdi va bizni haydab yubordi. O'sha kuni biz nimadir o'rgandik. Keyinroq ular ham nimadir o'rgandi deb umid qilaman. Shunga o'xshash voqealar yana 2 marta bo'ldi.
Axiri Asia Silk Road firmasiga ~$200'ga tashrif sayt yasab berdik va pochin ochildi. Keyinroq New Life insurance ~$450, SPass ~$300 ga sayt qurib berdik.
11. Auksion loyihasi (18 yosh)
Universtitet imtihon javoblari chiqdi.
Inhaga 4-o'rinda kiribman. 1 semesterlik grant olish uchun 10talikka kirishim kerak edi - ammo o'sha yili bu grant berilmadi. Kontrakt to'lashimga to'g'ri keldi.
1 yil to'plagan hamma pulni olib - bir ryukzak to'la 5 ming so'mliklar - universitetga yarim semester to'lov qildim. Qolgan yarmini qanday to'lashimni bilmasdim.
O'qishni boshlab oldim. 2 oy shuuv etib o'tib ketdi. Bugalter xonasiga chaqirildim. U yerda bir yigit ota-onasi bilan 1 yillik qarzi uchun siqilib o'tirgan ekan. Uning holatida bo'lishni istamadim. Hisobchiga bo'ldi ketaman qarzga o'tmasimdan desam, siz allaqachon qarzdasiz dedi - yarim semester uchun.
Dekabr oxiri, 2017-yil - telefonim jiringladi - mulk markazidanmiz deydi. Bizga vebsayt kerak, ofisimizga kelsangiz gaplashib olamiz dedi. Bordik. Oddiygina "auksion" kerak, deb eBay'ni tasvirladi.
- "Xo'p, 2 oyda qurib beramiz - 2 million bo'ladimi?" - dedim.
- "Yo'q, 2 haftada qurib bering - 10 million beramiz" - dedi. Rozi bo'ldik.
Mirjalol aka o'quv markaz ochgandilar. Shu markazda kechasi qolib ishladik. Ammo Diyorbek do'stim TATU yotoqxonasiga qaytishga majbur edi. TATU yotoqxonada o'sha paytlar noutbuklar taqiqlangandi - yashirincha ishlab chiqardi.
2 haftada boyagi auksion bitdi. Localhostdan aHost hostingiga o'takzdim va hech narsa ishlamay qoldi. aHostda ticket ochib, muammo haqida so'radim - ular http requestlarni keshlar ekan, https ga o'ting dedi. Ishlab ketti.
Pulni oldig-u, men inha kontratiga to'ladim va Diyorbek shaxsiy noutbuk oldi. O'zimiz ham ishonmagandik auksion qura olamiz deb.
12. Upworkda Frilanserlik (18 yosh)
O'zimizni odamlar bilan ishlash qiyin edi. Chet elliklar bilan ishlayman deb upworkda ro'yhatdan o'tdim. Upworkdagi mashaqqat haqida bu videoda to'liq bo'lishganman.
Portfolio yasab olish uchun $5 ga kechasi bilan ishlab chiqqandim. Profilim yaxshi holatga kelganida soatiga $7 to'laydigan ish topdim - Hindistondagi Gandi universiteti talabalari va abituriyentlari uchun portal dastur qurishda yordam berdim.
Upwork oladigan 20% komissiya va har har zamom ekranni rasmga olib turadigan trackeri yoqmasdi. Kelishilgan ishlarni qilib, upworkdan ketdim. Qaytib boshqa loyiha olmadim.
13. Workly jamoasi (18 yosh)
Upworkdan ketib, 2 oy shaxsiy loyihalarim ustida ishladim. O'sha payt ish qidirish hech hayolimga kelmapti - balki unaqa ishga kira olaman deb ham o'ylamagandirman.
NewMax (Express24, MyTaxi, Workly ortidagi kompaniya)da Husniddin aka ishlardilar. Ularni ilk bor GDG Devfest 2017 taqdimotida ko'rgandim. Keyin CreativeLab'da ular bilan yaqinroq tanishdim. Ular meni Workly'ga tavsifa qildilar va shu bilan suhbatga bordim.
Suhbat qisqa, effektiv bo'ldi. 2ta savol - ulardan biri "left join" bilan "inner join" farqini aytish edi. Qurgan loyihalarimdan savollar so'radi va dushanbadan ishga kelishim mumkinligini aytdi.
Oylikni CTO Ozodbek aka bilan gaplashdik. Birinchi oyga $300, ikkinchi oydan $350ga kelishdik. 4-oy qisqartirish bo'lib, jamoadan ketdim. Ozod aka mardlarcha chiroyli qilib Super Dispatch CTOsi Farhod akaga tavsiya berdilar.
14. Super Dispatch (19 yosh)
Suhbatga taklif qilindim.
Bitta xonada men va 4 suhbat oluvchi (Jahongir aka, Ibrohim aka, Bekzod aka va Aleksey) - birin ketin savollar so'rashni boshlashdi.
Bekzod aka Normal Formalar haqida so'radi - bilmayman dedim. Men ishlagan eng katta loyihani ma'lumotlar ombori dizaynini so'radi, Gandi universiteti portalini ko'rsatdim.
Jahongir aka so'zni teskari qiladigan kod yozib bering dedi - rekursiya bilan. Bir amallab yozib berdim. Ibrohim aka bilan 1 yil avval DjangoGirls'da birga mentorlik qilgandik.
Oxirigi bosqich - CTO Farhod aka bilan bo'ldi. Bo'sh vaqtingizda nima qilasiz, qanday kitoblar o'qiysiz ka'bi savollar berdi. Oylikni kelishdik - birinchi 3 oy $450, keyin $600. 1 yil o'tib $1,000 ga o'sdi. Ketishim oldidan yarim stavka (part-time) uchun $2,000 olardim.
3.5 yil shu kompaniyani qurish bilan o'tdi, o'zimni ham unutmadim. 22 yoshim oxirida Facebookka ketish oldi ular bilan xayrlashdim.
15. Logistlar uchun bot (19 yosh)
Oylik yaxshiku-ya lekin... mayli deb kechqurun 11da 2-3 soatga bilan IT Parkka bordim. U yerdagi 15 rezidentlardan kamida 10tasi logistika kompaniyasi edi.
Kutib o'tirgandim, bir logist yigit ingliz tilida ravon savdolashib $3,000 ga yuk topdi. Keyin o'zbekcha gaplashib, amerikadagi haydovchi akaga yukni ~$1,000-1,200 olib borib berishga kelishdi. Balki boshqa yuk bo'lgandir. Xullas, 2ta qo'ng'iroq bilan $2,000 topdimikan deb o'yladim.
Amazon Relay degan loadboard'dan yuk olarkan. Shu loadboardda yuklar juda tez olinib ketyapti, biz ulgurmayapmiz - tez bosib yuk oladigan "chrome extension" yasab bering dedi. 20-30 daqiqada yasaberdim. Keyin pitsa keldi. Menga ruxsat beringlar, uyga boray - ertaga ish deb, xonadan chiqdim.
Direktori xonasiga kirib, men aytgan $200'ni olib chiqib berdi.
Eng tez topgan $200 shu edi.
16. Garage48 hackatoni (19 yosh)
- "Nima, yutuqqa Yevropaga sayohat?!"
- "Bormasak bo'lmaydi!" - deb jamoa bilan hakatonga yozildik.
Men qatnashgan birinchi va hozirgacha eng yaxshi hakaton shu bo'lgan. Estoniyadan kelgan mehmonlar juda samimiy, energiyaga to'la va texno-boy insonlar edi.
2 kecha-yu, 2 kun ishladik. Avvaliga musiqa dastur quramiz deb 1 kunni besamar o'tkazib qo'ydik. 2-kun faqat "chrome extension" - MusicSpider qurib qo'ya qolamiz deb, shuni oxiriga yetkazdik.
Taqdimotlar boshlandi. 2 kun deyarli uxlamagan odamda qayerdan energiya bo'lsin? Tabiiy adrenalin yugurdi - yutish kerak, yutish shart. Sahnaga chiqib, qo'ldan kelgan eng yaxshi taqdimotni berdim. "Yutdik!" deb o'yladik. Chuchvarani hom sanagan ekanmiz.
Yutmadik... (1ta mezbon hakamning qarshi ovozi tufayli).
Ammo yutdik! Bizni "runner-up winner" deb e'lon qilib, konferensiyaga qo'shimcha joy ajratdi - Estoniyaga! Viza, mehmonxona, chiptalar hammasini qoplandi. 1 haftalik sayohatdan qaytib, #surishkerak deb o'ylay boshladim...
17. Delever loyihasi (19 yosh)
Garage48'da qurilgan MusicSpider loyihamizga hakatonda mentor bo'lib qatnashgan Aziz aka (udevs asoschilaridan) qiziqish bildirdi. Go'zal dizayn yasab berdi - 2-versiyani qurdik, ammo MusicSpider ko'p yashamadi...
Keyin Aziz aka loyiha uchun g'oya bor dedi - Delever. Uni qurishga kirishdik - 1-versiyasini qurib tugatdik. Kuryer va xo'randalar uchun react-native'da mobil ilova, django da real-time backend yasadik. Sotuvlar arafasida edik - integratsiyalar uchun talablar kela boshladi.
Polshaga o'qishga ketish ilinjida yurganim uchun bu loyihadan ketishga qaror qildim va ulushim uchun ~$2,000 olib, jamoadan chiqdim.
Bugun delever multi-million dollarlik mahsulot va bundan judayam xursandman.
18. Koreys tili imtihoni (20 yosh)
Polshaga o'qishga kirdim - Varshava texnologiyalari universitetiga. Kontrakt uchun 2000 yevro to'ladim.
Shu vaqtlar bir loyihaga taklif chiqdi. Koreys tili imtihoni: Topik uchun markaz qurish. Dasturiy ta'minotini qurib berishni so'rab chiqishdi. Ko'p talablar qo'ydi, 1 oyda bitishi kerak, tezda ishga tushishimiz kerak deb shoshiltirdi.
Savdolashish ko'nikmam yaxshi rivojlanishni boshlagandi - $5,000 dedim. Odatda $1,000 yoki uzog'i $2,000 degan bo'lardim - $4,500'ga kelishdik.
10 dan 6gacha Superdispatchda ishlardim. Ishdan keyin borib ~30ta kompyuterni 1 kechada sozlab chiqdik, 2 kechada tarmoqni tayyorladik.
Loyiha bitdi, tashkilot qandaydir sertifikat ola olmay loyihani bekor qilishdi. Kelishilgan summadan bir qismini oldim ~$3k. Endi Polshaga ketsak bo'ladi:)
19. Ko'p ishlilik (20 yosh)
2020-yil 30-yanvar, Varshava. Sovuq.
- "Uyda o'tirovirmang-e", deb do'stim Abrorbek kelgindilar bazmiga obordi. Tanishuvlar, networking bo'ladigan joyga.
U yerda Amir ismli bir qozoq yigit bilan gaplashib qoldim. U ham dasturchi ekan, akasi startup boshlabdi - "bizga qo'shil", dedi. Yo'q, rahmat ishim bor dedim. Topshirib ko'r deb emailimni so'radi.
- "[email protected]" deb yozib berdim. - "Teskari yozgansan" deb men bilan bahslashdi. Yo'q, shunga yuborovir - javob beraman dedim. Ertasi kuni ishga kirish uchun topshiriq yubordi.
Texnik sardori bilan suhbat bo'ldi. Clean Code, Clean Architecture guru ekan. SOLID haqida so'radi, testlash haqida ham.
Keyin CEOsi va investori bilan suhbat bo'ldi. Mehmonxona'ga nonushtaga chaqirdi. Oylik kelishadigan vaqt keldi. Ishim borku, baribir bu ishda ishlashga vaqtim bo'lmaydi o'qish, ish bilan deb og'zimga siqqan sonni aytdim ($4k/oyiga, 2020-yilda seniorlar $1-2k topardi). Ozgina savdolashishdan keyin ular rozi bo'ldi ($2k part-time uchun).
Universitetga 2 hafta bordim va pandimiya boshlandi. 2ta ish va universitetni amallash juda qiynab turgandi - universitetdan kettim. 4 oyda yillik rejam yig'ilib, oshib ham ketti.
Pandimiya va stress qo'shilib, kichkina ruhiy krizis bo'ldi - oqibatida yangi ishimdan haydaldim.
20. Ustozlik (20+ yosh)
Bir eshik yopilsa, ikkinchi eshik ochilarkan. Darrov pdp aloqaga chiqdi, bizga ustoz kerak deb. Avvaliga sheriklikda ishlaymiz dedi, ho'p dedim.
Keyin, endi kursni to'liq sotib olmoqchimiz dedi - yo'q deyishim javob bo'lmadi. Har bir modulga $1,500 baholab, ja'mi $6,000 to'ladi (bir necha oyda). Darslik pdp ga kamida yarimta limon ishlab topgan bo'lsa ajablanmayman.
Shunday qilib o'qitish yoqib qolib, keyingi 3 yil yozda (ybky) $1 ga yuzlab insonlarga algoritmlarni o'rgatdim - o'sha eng men mazza qilib topgan $1 lar bo'ladi.
Xulosa
Rizq Allohdan. Biz sababini qilamiz, ammo tayanmaymiz. Nimadir bizga kelmasa, demak u bizga atalmagan. Nimadir bizniki bo'lsa u ertami, kechmi albatta keladi.
Ko'proq insonlar bilan tanishing. Qurish va sotishni fan qilib o'rganing.
Maqoladagi sonlar va yoshni aniq keltirishim zararidan ko'ra foydasi ko'proq bo'ladi deb umid qilaman.
Yuqoridagi qiltiriq yigit uddalagan ekan, siz ham uddalaysiz inshaAlloh. Muhimi o'zingizga ishonch va kelajakka umid sizni tark etmasin.