Daromadimni 32 martaga oshirdim

Bu iqtibosdagi so'zlar tartibini o'zgartirib – birinchi ilm, undan keyin manfaat va so'ngida daromadni qo'ygan bo'lardim. Daromad topish uchun shunchaki ilmning o'zi yetarli emas, ilm manfaat keltirishi kerak. Manfaatli ilm bilan esa daromad keladi.
Ilk bor 2018-yildan boshlab dasturchi sifatida yonlanib ishlashni boshladim. Unga qadar kezi kelganda buyurtmalar olib ishlab turardim. Deyarli har yili daromadim ikki martadan oshib kelmoqda. Bugun uning ortidagi 5 sabab bilan bo'lishmoqchiman.

2023-yil t.me/lazyprogrammer/348 da ilk bor ushbu grafik bilan bo'lishgandim va unda:
Dasturchi sifatida topadigan daromadingizning qiymati - siz yecha oladigan muammolarning qiyinchiligiga to'g'ri proporsional.
degan edim.
1. Ish joyini almashtirish.
Har safar ish joyimni almashirish oldidan dadam ham, ayam ham "ishing yaxshi-ku", "nima qilasan o'zgartirib" va albatta "shu yerda 5-10 yil ishlasang bo'lmaydimi" deyishadi. HAR SAFAR!
Ko'p hollarda kompaniya almashtirganligimga sabab – zerikkanligim bo'lgan. Bonusi bilan esa daromad oshishi kelgan.

"Sodiqlikchi" deysizmi?
Sodiqlikni asl oilangiz uchun asrab qo'ying. Kompaniyalar "biz bir oilamiz" desa darrov qoching u yerdan.
Har oy ish almashtirish yomon ko'rinadi, ammo "1 yilda 1 ish almashtirib" turish sizni layoqatsiz qilib qo'ymaydi, balki ko'plar ishidan ayriladigan davrda sizni "tayyor & shay" holatga keltirib turadi.
2. Lavozim oshishi
Suv - xo'l bo'ladi va daromad - lavozim bilan oshadi.
Ho'sh, lavozimni qanday oshiraman? Ko'rinadigan ishlar qilib – kattalar ko'radigan.

Amazonda organizatsiyamiz direktori loyiha bo'yicha menga yo'llagan savoliga yaxshi javob berib, 1 oyda 1 kishiga beriladigan "just do it" degan mukofot olgandim. Menejerim bu ketishda seni "1 yilda L5 dan L6ga o'tkazamiz" deb aytgandi.

Ko'rinib turish kerak va har bir qilayotgan ishlarni detallarda yozib borish, undan kelayotgan "impact - ta'sir"ni o'lchashni ham esdan chiqarmaslik kerak.
Faqat kodni yozib, chiqarvorib, unutvorish emas – qanchadir vaqt o'tganidan keyin ortga qarab sonlarda, foydalanuvchilarda, xarajat va tejashlardagi o'zgarishlarni o'lchab turish kerak.
Super dispatchda ham "oddiygina keshlash" yechimim kompaniyaga oyiga $500 tejashni boshlagandi. Tekshirmaganimda ko'rmay qolardim. Seniorlar ko'p bunday ishlar qilib turishi kerak va albatta bu haqida hammaga "jar solishi" kerak – qoidasi shu:)
3. Relokatsiya (#Surish)
Hayotimni o'zgartirib yuborgan qaror – xorijga ko'chish qarori bo'lgan.
Bu qarorga 2019-yil Estoniyaga borib kelganimdan so'ng kelganman va 2020-yil Varshava o'qishga ketganman. Daromad oshishga oshgan, ammo xarajatlar ham shunga yarasha uchgan 🚀.
Yetib borgan 1-haftani o'zidayoq bir ishga taklif oldim, ammo uni rad etdim – sababi Super dispatchda masofadan ishlayotgandim va kompaniya "Cost of Living Adjustments" – yashash davlati bo'yicha ko'chganligim uchun oyligimni 2x oshirib bergandi.
Boyagi kompaniya yana aloqaga chiqib, holi jonimga qo'ymay taklif beraverdi. Qani qayoqqacha borar ekanman deb savdolashishni boshladim va ular bergan "kam taklif"ni 4.5 martaga oshirdim.

Pandemiya tufayli universitet onlaynga ko'chdi va shu payt universitetni yana "chopdim". Boyagi taklifni qabul qilib, bir payni o'zida 2ta ishda ham ishlab ko'rdim.
2ta ishda ishlash uzoqqa cho'zilmadi, 3 oy o'tib "performance issue" samaradorlikda muammolar paydo bo'la boshladi va 4-oy ular meni "chopishdi". Samaradorlikdagi muammo ko'proq vaqt bilan emas - balki ishtiyoq kamayib ketganidan, pandemiya depressiyasi, uyni sog'inichi va shu kabi "siqilishlar" tufayli edi.
Ammo shu 4 oyda rejamdagi 1 yillik daromaddan ko'ra ko'proq ishlab olgandim.
4. Katta texnologik kompaniyalar
Avval Polshadan ketishni o'yladim, keyinroq yaxshi bir universitet chiqib qoldi va unga topshirib, katta texnologik kompaniyalarga topshirishni reja qildim.
2020-yilgi urunishlar o'xshamadi. Rad, rad va yana rad javoblar.
2021-yil ilk bor Facebook va Bloomberg'dan amaliyotga taklif oldim.
2022-yil Amazon va 2023-yil Google'da ishlashga muvaffaq bo'ldim.

Meta, Amazon va Google.
3 yil umr – 3 kundek o'tdi.
Bu vaqt davomida universitetda o'qib tamomlashga ulgurdim va keyingi rejalar tuzishni boshladim. Diplomsiz ham, talaba bo'lib turib ham FAANGda ishlashga erishdim.

Faqatgina daromadni o'zi hayotga mazmun bera olmaydi – qilayotgan ishingiz qadriyatlarga mos bo'lishi daromad qanchaligidan muhimroq.
5. Qo'shimcha daromad manbalari
Bir savatga hamma tuxumlarni solma deganlaridek, "layoff"lar bo'lib, ish xavfsizligi pasaygan davrda bir ishga ishonib qolish ham yaxshi emasligini hamma anglagan bo'lsa kerak.
Boya aytgan qadriyatlar – men uchun o'qitish. Ilm ulashib mazza qilaman, nega undan o'zimga yangi ish yasamayman? - dedim o'zimga.

2023-yil jamoa bilan 42.uz ga asos soldik, 14 ming talabaga xizmat ko'rsatib kelyapti.
Hamyonbop va sifatli onlayn kurslar bilan bir qatorda, endi dasturchilarni orzusidagi ishlarga tayyorlash uchun offlayn darslar ham o'tishni boshladim - hozircha Googledagi oylikka yetmasa ham, dars o'tib mazza qilyapman.
2025-yilning qolgan 4 oyida "Algoritmlar", "Tizim dizayni", "Cloud & AI" yo'nalishlarda bilim ulashishga bel bog'ladim.
Xulosa
Dasturlashda daromadingiz har yili oshmasa demak inflyatsiya tufayli u kamayyapti, 2x oshmasa demak siz o'smayapsiz.
Harakatlar ortida "manfaatli ilm" bo'lsa, "daromad" ko'payib kelaveradi.