Google'dan Offer Oldim

23 September, 2023

Google'dan Offer Oldim


Kuni kecha Google'dan ushbu xabarni oldim. Xabarda suhbat yaxshi o'tganligini va ish taklifi yuborganligi aytib o'tilgan.

Bu - ishda Google qilish o'rniga, Googleda ish qilish vaqti keldi degani.

Bundan 2 hafta oldin Google'ga topshirib ko'rdim. Ushbu maqolada tayyorgarlik va topshirish jarayoni haqida yozdim.

Roppa rosa 2 oydan song, Google Cloud'ning Kubernetes (k8s) jamoasiga qo'shilaman. 3 yil avval k8s ishlatayotib, bir kun kelib k8s ustida ishlashimni tasavvur ham qilmagandim. Qattiq mehnat va doimiy harakat o'z mevasini berdi.

1-Bosqich: Yozda Birga Kod Yozamiz

FAANG kompaniyalardan taklif olishimda "Yozda Birga Kod Yozamiz"ning o'rni katta. 3 yildan buyon YBKY darslarini tashkillashtirib kelaman va har yili aynan shu mentorlik so'ngida 2021-yil Facebook'dan, 2022-yil Amazon'dan taklif olgandim. 2023-yil esa Google ham qo'shildi.

Bu tasodif emas.

O'rgatish, tushuntira olish yaxshi dasturchi uchun eng muhim qobiliyatlardan biri. Yozda Birga Kod Yozamiz menga aynan shu narsani berdi. Algoritmlarni tushunishdan ko'ra tushuntirish ancha mushkulroq.

2-Bosqich: Algozon & Algothon

Amazondagi hamkasblarim bilan algoritmlarni mustahkamlash uchun Algozon degan guruh yaratdik - ishdan keyin qolib 10 kuncha masalalar yechdik.

Dam olish kunida Algothon (algoritmik marafon) ham tashkillashtirdik. Marafonda 42 km yugurilsa, Algothonda 42ta algoritmik masala yechdik. Juda foydali bo'ldi.

3-Bosqich: Googler Tavsiyasi

Katta kompaniyalarga topshirishda tavsiyalarga skeptik qarayman - ko'p foydasi tegmasa kerak. Amazonda so'ngi 1 yil ichida 20 kishiga referral berdim, afsuski biror kishi hatto suhbatgacha o'ta olmadi.

Google'da vaziyat boshqacha ekan. Vohid aka tavsiyasi bilan topshirib juda to'g'ri qilgan ekanman. Rekruter tavsiya orqali chiqqanini va aynan shu tavsiya tufayli "phone screening" suhbatini o'tkazib yuborishimizni aytdi. To'g'ri onsaytga!

4-Bosqich: Onsayt, Ketma-Ket Suhbatlar

4ta suhbatni hammasini 1 kunda yoki 2 kunga bo'lib olsa bo'ladi - 1 kunda olishni maqul ko'rdim. Charchab qolish juda oson, ayniqsa yaxshi uxlamagan bo'lsangiz.

Birinchi suhbatni yaxshi boshlab oldim. Birin-ketin muammoga bir necha algoritmlar berishni boshladim. Suhbat oluvchi yechim yoqqanini aytib, kod yozishim mumkinligini aytdi.

Kod yozishga kelganda qayerdandur hayajon bosib, kod yoza olmay qoldim. Hatto oddiy 2 interval kesishini ketshiradigan logika yozishda ham negadir miyam tormozlanib qoldi. 45 minut vaqt juda tez o'tib, yechimimni tugallashga vaqt qoldirmadi.

Ikkinchi suhbat "behavioural" – xulq-atvorni tekshiradigan, har xil vaziyatlarda nima qilgan bo'lardingiz degan savollarga boy bo'ldi. Aynan shu roundda "googliness" tekshiriladi.

3- va 4- suhbatlara hayajon yo'qolib, o'zimni erkin his qila boshladim. Masalalarni yechib, kodini yozib, test qilib berdim. Suhbatlar yaxshi o'tdi. So'ngi suhbatda vaqt tugagan bo'lsa ham, biroz ko'proq qolib qiziqtirgan savollarimni so'radim.

"Xayr" deyish o'rniga "ko'rishguncha" deb xayrlashdi.

5-Bosqich: Savdolashish

Suhbat Juma kuni bo'lib o'tgan bo'lsa, dushanba kuni rekruter aloqaga chiqib suhbat yaxshi o'tganligini va qancha oylik maosh kutayotganligimni so'radi. Payshanba kuni esa offer (taklif) yubordi.

Birinchi taklif - eng yaxshisi bo'lmaydi. Shuning uchun oylikning naqd qismini 4.5% atrofida oshirishlarini so'radim va sal o'tib rekruter yangilangan taklifni yubordi.

So'ragan oyligini berganda, dasturchilar:

Nega ko'proq so'ramadim-a?

Savdolashganda siz rozi bo'ladigan narxni emas, siz xursand bo'ladigan narxni aytgan yaxshi. Savdolashmasdan taklifni qabul qilmang.

Nihoyat AmazonFacebook va Bloomberg takliflari qatoriga Google'niki ham qo'shildi.

Bollar, biz yutdik!